7 million 830 mingta ko’chmas mulk ob’yekti ma’lumotlari shakllantirildi

Kadastr agentligi axborot xizmati rahbari Neʼmat Otamurodov  ishtirokida  3 iyun kuni AOKAda brifing bo‘lib o‘tdi. Brifingda kadastr tizimidan byudjetga tushgan 401,1 milliard so‘m qo‘shimcha manba aniqlangani haqida aytib o‘tdi.Neʼmat Otamurodovning bergan axborotiga ko‘ra, Kadastr agentligining hududiy boshqarma hamda quyi tizimlari tomonidan kadastr bazasida 2021 yil 31 may holatiga 7 million 830 mingta ko‘chmas mulk obyektlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar shakllantirilgan.Shulardan:

  • 6 million 64 mingtasi yakka tartibdagi turar-joy,
  • 1 million 307 mingtasi ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar,
  • 459 mingtasi noturar joy obyektlari hisoblanadi.

Jami ko‘chmas mulk obyektlarinig 7 million 581 mingtasi jismoniy va 249 mingtasi yuridik shaxslarga tegishli. Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazishda esa 2020 yilning sentyabridan 2021 yil iyuniga qadar 553 mingdan ortiq obyektlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Bundan tashqari, hozirda Toshkent hamda Farg‘ona viloyatlarida yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli yer uchastkalari, shuningdek, bino-inshootlarini xatlovdan o‘tkazish ishlari davom ettirilmoqda.

«Shu bilan bir qatorda, 2021 yilning 1 mayidan boshlab qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanuvchilarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni elektron shaklda amalga oshirish, maʼlumotlarni avtomatik davlat reyestriga kiritish hamda ochiq geoportalda onlayn aks ettirish tizimi joriy qilindi. Mazkur yo‘lga qo‘yilgan tizim, birinchidan, qishloq xo‘jaligi yerlari va ulardan foydalanuvchilar hisobini to‘liq elektron yuritish imkonini bersa, ikkinchidan, yerdan foydalanuvchilar, jumladan, fermer xo‘jaliklari huquqini kafolatlaydi (ularning qo‘lida rasmiy kadastr hujjati bo‘ladi)», — dedi Neʼmat Otamurodov.

U, shu bilan birga, ArcGIS dasturida onlayn geoportal sinov tarzida ishga tushirilganini maʼlum qildi hamda Qashqadaryoda o‘tkazilgan xatlovda ko‘chmas mulk obyektlarining huquqiy holatini aniqlash uchun obyektlar tajriba tariqasida qizil (noqonuniy qurilgan), sariq (hujjatlari to‘liq emas yoki hujjati bo‘lmasada qurish mumkin bo‘lgan yerga qurilgan) va yashilga (hujjatlari to‘liq) ajratilganini aytdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, qizil obyektlar — 26,3 mingta (4 foiz), sariq obyektlar — 509 mingta (65 foiz) va yashil obyektlar — 228 mingtani (31 foiz) tashkil etgan.

«Kadastr tizimidan byudjetga 401,1 milliard so‘m qo‘shimcha manba aniqlandi. 2021 yil 4 oyi davomida 11 568 ta bo‘sh yer uchastkalari (725 gektar) ‘YERELEKTRON‘ axborot tizimiga joylashtirildi. Shundan 5374 ta bo‘sh yerlar vakolatli organlar tomonidan axborot tizimida kelishuvdan o‘tkazilib, ‘E-IJRO AUKSION‘ yagona elektron savdo maydonchasiga chiqarilgan va ularning 3525 tasi sotilgan», — dedi axborot xizmati rahbari.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan