Yer to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtiruvchi Respublika kengashi tashkil etiladi

Yer – umummilliy boylik. Keyingi yillarda ushbu resursdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish, yer munosabatlari sohasida qonuniylikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali yer ajratish tartibining ochiqligi va shaffofligi ortib bormoqda, sohada byurokratik to‘siqlar bartaraf etilmoqda.

Biroq, yer resurslarini talon-toroj qilish, o‘zboshimchalik bilan egallash va noqonuniy sotish holatlari hali ham uchrab kelmoqda. Zaxira va qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratish tartibi barcha uchun bir xil va shaffof emasligi joylarda fuqarolarning haqli eʼtirozlariga sabab bo‘lmoqda. Buning asosiy sababi esa bugungi kunda yer munosabatlaridagi huquqiy hujjatlarining zamon talabiga javob bermasligidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan yerni bozor aktiviga aylantirish, uning iqtisodiy qiymatini belgilash va moliyaviy oborotga kiritish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish, yer ajratish va undan foydalanish sohasida davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan muhim chora tadbirlar belgilab berilmoqda. Shuningdek mazkur farmon sohada tenglik, shaffoflik va bozor munosabatlarini taʼminlab, mulkka doir huquqlarni ishonchli  kafolatlanishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Xususan, 2021 yil 1 avgustdan boshlab, yer uchastkalari xususiy sektorga – mulk va ijara huquqi asosida, davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga doimiy foydalanish huquqi asosida hamda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar barcha turdagi qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari ishtirok eta oladigan, natijalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan tasdiqlanadigan ochiq elektron tanlov yakunlariga ko‘ra, faqat ijara huquqi asosida ajratilishi tartibi joriy qilinmoqda.

Bu tartibning joriy etilishi so‘nggi vaqtlarda yurtdoshlarimiz tomonidan xalqimizning umumiy boyligi bo‘lgan yerlarning yakkahokimlik asosida hokimlik vakillari hamda fermer xo‘jaligi rahbarlari tomonidan sotib yuborilishi kabi holatlarining oldi olinishiga, umumiy boyligimizning jamoatchilikning eʼtibor markazida shaffof nazorat qilinishini taʼminlaydi.

Faqatgina qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba sinovlar amalga oshirish uchun davlat ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalariga hamda eng yaxshi taklifni tanlash orqali aniqlanadigan, qiymati kamida 10 million AQSH dollari ekvivalentida (yer maydoni hajmiga ko‘ra ortib boradi) bo‘lgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun – loyiha qiymatining kamida 10 foiziga teng mablag‘ avvaldan maxsus hisobraqamga joylashtirilgan taqdirda Qishloq xo‘jaligi vazirligining taklifiga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan maydoni ajratilishi mumkin.

Shu bilan birga, 2021 yil 1 avgustdan  tuman va shahar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni belgilash, eʼtirof etish, o‘zgartirish, bekor qilish, sug‘oriladigan yerlarni sug‘orilmaydigan yerlar toifasiga yoki boshqa yer toifasiga, sug‘orilmaydigan qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqa yer toifasiga o‘tkazish, jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq xo‘jaligini yuritish uchun yer berish borasidagi mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari tugatilmoqda. Shuningdek, mazkur sanadan boshlab, davlat hokimiyati organlariga yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish yoki boshqacha tarzda imtiyoz va istisnolar belgilash tashabbusi bilan chiqish ham taqiqlanadi.

Yer to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini qo‘llashda vujudga kelayotgan muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish, shu jumladan, qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, yerdan oqilona foydalanish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganib, milliy xususiyatlarni inobatga olgan holda ularni joriy etish, yer to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ahvolini muntazam o‘rganib borish, sohada huquqni qo‘llashning yagona amaliyotini shakllantirish borasidagi takliflarni muvofiqlashtirib boruvchi Respublika kengashi tashkil etiladi.

Shuningdek, Respublika kengashi zimmasiga yer ajratish va undan foydalanish jarayonlariga axborot-kommunikatsiya vositalarini keng joriy qilish orqali sohada raqamlashtirish jarayonlarini tezlashtirishga ko‘maklashish va yerga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini taʼminlash samaradorligini oshirishga oid boshqa masalalarni ko‘rib chiqish vazifasi ham yuklatiladi.

Umuman, olganda mazkur Farmonda belgilab berilgan vazifalarning hayotimizga tatbiq etilishi, yerdan oqilona foydalanish orqali xalqimizning turmush tarzi farovonligini oshirish borasida boshlagan islohotlarimizni yangi bosqichga olib chiqadi. Yer bilan bog‘liq munosabatlardagi korrupsion holatlarning ham oldi olinadi. Natijada, yerdan foydalanish borasida barcha uchun shaffof bo‘lgan tizim yo‘lga qo‘yiladi. Eng asosiysi odamlarning davlat hokimiyatiga bo‘lgan ishonchsizligi yo‘qoladi.

Zuhra IBRAGIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikerining o‘rinbosari,
“Adolat” SDP fraksiyasi rahbari

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan