Yer munosabatlariga doir qonunchilik takomillashtirilmoqda

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun, “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi, “Organik mahsulotlar to‘g‘risida”gi, “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv chiqarish to‘g‘risida”gi, “Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, fraksiya aʼzolari tomonidan “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama etildi. Taʼkidlanganidek, oxirgi paytda yurtimizda yer munosabatlari sohasida qonunbuzarliklar sodir etilishi ko‘paygani kuzatilmoqda. Bu holat sohaga doir qonunchilikni takomillashtirshni taqozo etmoqda. Mazkur loyiha bilan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, Jinoyat kodeksi va Jinoyat-protsessual kodeksiga, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, Yer kodeksiga, “Notariat to‘g‘risida”gi, “Davlat yer kadastri to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartishlar kiritilyapti.

Yig‘ilishida muhokama etilgan “Organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi organik qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish sohasida bevosita yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishi, pirovardida, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Qayd etilganidek, organik mahsulotlar va xomashyolarni ishlab chiqarish sohasidagi masalalarni tartibga solish bo‘yicha muayyan darajada normativ-huquqiy baza shakllanmagan. Yaʼni, yurtimizda bu turdagi mahsulotlar va xomashyolarni ishlab chiqarish tizimini rivojlantirish va takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor berilgan bo‘lsa-da, normativ-huquqiy hujjatlarda organik mahsulotlar va xomashyolarni ishlab chiqarish tizimining o‘ziga xos xususiyatlari to‘liq darajada aks ettirilmagan.

Shunisi eʼtiborliki, cheklangan moddiy va mavjud moliyaviy resurslar sharoitidan va tabiiy potensialdan iqtisodiy jihatdan oqilona foydalanish, xususan, yetishmayotgan va foydalanilmayotgan mahalliy yer resurslari asosida organik mahsulotlar va xomashyolarni ishlab chiqarish tizimini shakllantirish muhim ishlab chiqarish yo‘nalishi bo‘lib xizmat qiladi.

Qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanishni anʼanaviy ravishda tashkil etilganidan organikaga bosqichma-bosqich o‘tkazish muhimligi va zarurligi, mamlakatimizning butun agrosanoat majmuasini rivojlantirishga yana-da turtki beradi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, ayni paytda dunyoning 179 mamlakatida organik qishloq xo‘jaligi rivojlanmoqda, ularda 2 milliondan ziyod organik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat olib bormoqda. 2019 yilda organik qishloq xo‘jaligi bo‘yicha xalqaro bozorlardagi savdo aylanmasi 96,7 mlrd. yevroni tashkil etib, 71,5 mln. gektar maydonda 2,8 mln. ishlab chiqaruvchi ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullangan. Ekspertlarning baholashiga ko‘ra, dunyo organik mahsulotlari bozorida so‘nggi 5 yil davomida yiliga o‘rtacha 15 foizdan o‘sishga erishilib, 2022 yilda savdo aylanmasi 212 mlrd. AQSH dollari (jahon qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi umumiy hajmining 20 foizi)ni tashkil etishi prognoz qilingan.

Organik qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari instituti (FiBL) va Organik qishloq xo‘jaligi harakati bo‘yicha Xalqaro Federatsiyasi (IFOAM)ning Jahon organik qishloq xo‘jaligi statistikasi bo‘yicha 2019 yildagi nashrida O‘zbekiston Respublikasi meva yetishtirish bo‘yicha qulay sharoitga ega bo‘lgan dunyodagi 10 ta davlat qatoriga kiritilgan va respublikamiz organik meva ishlab chiqarish uchun qulay yer maydonlariga ega ekanligi qayd etilgan.

Fraksiya aʼzolari taʼkidlaganidek, “Organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining qabul qilinishi organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va xomashyo ishlab chiqarish tizimidagi munosabatlarni shakllantirishning huquqiy asosini yaratish, organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va xomashyo ishlab chiqarish faoliyatini rivojlantirish, shuningdek, xo‘jalik subyektlari uchun munosabatlarni mufassal huquqiy tartibga solishga yordam beradi.

Fraksiya yig‘ilishida kun tartibidagi boshqa qonun loyihalari ham atroflicha ko‘rilib, tegishli qaror qabul qilindi deb xabar bermoqda parliament.gov.uz

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan