2 406,4 gektar maydon o‘zboshimchalik bilan egallab olingan

Mamlakatimizda yerlarni ajratish, ularning hisobini yuritish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish, yer nazoratini amalga oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, yerning har bir qarichidan oqilona, samarali va belgilangan maqsadda foydalanishni ta’minlash, yerlarni muhofaza qilish, yer bilan uzviy bog‘langan Davlat kadastrlari yagona tizimini to‘laqonli yuritish davlatning eng muhim vazifalaridandir.

Sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida davlatimiz rahbarining “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan edi. Mazkur hujjatning ijrosi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan nazorat-tahlil tartibida o‘rganildi. Bugun ushbu o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, mazkur hujjat ijrosi doirasida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, davlat yer kadastri, binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish, aerokosmik suratga olish, davlat kartografiya-geodeziya kadastrini yuritish bo‘yicha qator amaliy ishlar qilinmoqda. Xususan, “Kadastr va ro‘yxatdan o‘tkazish integratsiyalashgan axborot tizimi” yaratildi. Ushbu tizim orqali qishloq xo‘jaligi yerlarini elektron shaklda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshlandi. Elektron hisobga olingan yer maydonlarida 77,3 mingta fermer xo‘jaliklari va ularning 4,1 million gektar yer maydonlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Shuningdek, “ArcGIS” dasturida onlayn geoportal (gis.kadastr.uz) pilot tarzida ishga tushirildi va barcha yer uchastkalarining elektron xaritalari yaratilishi va ma’lumotlarning ochiq-oshkora e’lon qilib borilishi yo‘lga qo‘yildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, Kadastr agentligi tashkil etilgandan buyon 385 mingta qo‘shimcha ob’ekt va 403 mingta ko‘chmas mulk ob’ektida qo‘shimcha qurilmalar aniqlanib, soliq idorasiga onlayn tarzda taqdim etildi. Joriy yilning 9 oyida 14 530 holatda 2 406,4 gektar maydon o‘zboshimchalik bilan egallab olingani bo‘yicha huquqbuzarliklar aniqlandi. Ular bo‘yicha 12 950 ta majburiy ko‘rsatma berildi, hokimliklarga 8 353 ta taqdimnoma, prokuratura organlariga 4 928 ta ma’lumot kiritildi.

Fuqarolar hamda tadbirkorlar ko‘chmas mulk ob’ektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni va davlat reyestridan ko‘chirmani davreestr.uzaxborot tizimi orqali olishi imkoniyati yaratildi.

Har qanday foydalanuvchining ko‘chmas mulk, uning turi, joylashgan joyi, chegarasi, maydoni va huquq egalari haqida map.geoportal.uzsayti orqali ma’lumot olish imkoniyati yo‘lga qo‘yildi. Barcha yer uchastkalari, jumladan, qishloq xo‘jaligi yerlarining to‘liq elektron xaritalari yaratilib, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ochiq-oshkora e’lon qilib borish bo‘yicha gis.kadastr.uzonlayn geoportali pilot tarzida ishga tushirildi. bugungi kunda 24 ta yo‘nalishda ochiq ma’lumotlar Agentlikning kadastr.uz rasmiy veb-saytiga joylashtirilib, yangilanib borilmoqda.

Tadbirda deputatlar sohada amalga oshirilgan ishlarni e’tirof etib, o‘rganishlarda aniqlangan muammolarni bartaraf qilishga qaratilgan taklif va tavsiyalarni berdilar. Qizg‘in muhokamalar so‘nggida ushbu yo‘nalishdagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan