Tadbirkorga litsenziya berish tartibi soddalashtirildimi?

Bugun tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun har bir yuridik shaxsdan, eng avvalo, litsenziya olish talab qilinadi.

Ilgari ushbu ruxsatnomani olish uchun tadbirkor eng kamida o‘nlab hujjat yig‘ish, oylab kutishga majbur bo‘lgan. Endilikda litsenziya olish tartibi soddalashtirilib, unga ketadigan vaqt ham, to‘lov turlari ham kamaydi.
 
Davlat soliq qo‘mitasi Kadastr agentligining geodeziya va topografiya nazorati bo‘limi boshlig‘i Bahrom Xushvaqtov bilan suhbatimiz ham aynan litsenziya berish va olish tartibi xususida kechdi.
 
— Tadbirkorlarga litsenziya berish va olish tartibiga kiritilgan o‘zgarishlar xususida tushuncha berib o‘tsangiz?
 
— Ilgarigi litsenziya berish tartibida tadbirkor ro‘yxati bo‘yicha bizga eng kamida 10 ta hujjat yig‘ib, uni taqdim etardi. Va bu hujjatlar komissiya tomonidan ko‘rib chiqilar, bayonnomalar, dalolatnomalar rasmiylashtirilar edi. Ushbu jarayonlar 20 ish kunida ko‘rib chiqilib, bir oy davomida ruxsat berilardi.
 
Xizmat turlari uchun to‘lov miqdori ham yuqori edi. O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 14 iyuldagi “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonuniga asoslanib, endilikda geodeziya va kartografiya faoliyatini litsenziyalash o‘rniga xabardor etish tizimiga o‘tkazildi. Bu tizimning afzalligi, tadbirkor hujjatlarni to‘ldirib bo‘lganidan so‘ng 15-20 daqiqa ichida litsenziya olishi mumkin. To‘lov pullari ham ancha kamaytirilib, yarim minimal (Bazaviy hisoblash miqdori) ish haqiga aylandi.
 
Undan tashqari, ilgari tadbirkordan ikki yillik ish staji talab qilingan bo‘lsa, endi bir yillik staj so‘ralyapti.

— Tadbirkorlarga yaratilayotgan bunday xizmat turi korrupsiyaning oldini olishga xizmat qiladi, deb ayta olasizmi?
 
— Albatta, bunday holat eng birinchi navbatda, byurokratik hamda korrupsion xolatlarning oldini oladi. Qonun qabul qilinishi bilan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish, axborot tizimlari imkoniyatlarini tadbiq qilish orqali juda ko‘p to‘siqlarni bartaraf qilish, pirovardida tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish uchun amaliy ishlar boshlab yuborildi.


 
—“Litsenziya” axborot tizimi, ya’ni maxsus elektron tizimning vazifasi nimadan iborat?
 
— Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan o‘tish, vakolatli organlarning idoralararo elektron hamkorlik qilishi, shuningdek, litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish talablari hamda shartlari bajarilishining monitoringini o‘tkazish jarayonlarini qamrab oladigan, jismoniy va yuridik shaxslar uchun ochiq bo‘lgan maxsus elektron tizimdir.
 
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi “Litsenziya” axborot tizimi maxsus elektron tizim operatori hisoblanadi.
 
— Geodeziya va kartografiya faoliyatini boshlash uchun kimlar xabardor qiluvchi hisoblanadi?
 
— Kadastr agentligiga xabarnoma yuborgan va xabarnomalar reyestriga kiritilgan geodeziya va kartografiya faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar.
 
— Yuridik shaxslar tomonidan geodeziya va kartografiya faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik haqida Kadastr agentligini xabardor qilish qanday amalga oshiriladi?
 
— “Litsenziya” axborot tizimi orqali, geodeziya va kartografiya faoliyati pasportida belgilangan talab va shartlar asosida tegishli faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik haqida murojaat amalga oshiriladi. Yuridik shaxslar tomonidan kiritilgan ma’lumotlar idoralararo axborot tizimi orqali Davlat xizmatlari agentligi, Davlat soliq qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligining axborot tizimlari ma’lumotlari bilan avtomatik tekshirish yo‘li orqali inson aralashuvisiz bajariladi.
 
— Geodeziya va kartografiya faoliyatida ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdori qanchani tashkil qiladi?
 
— Geodeziya va kartografiya ishlarini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi tartib-taomilni buzganlik uchun BHMning 100 baravarigacha, maxfiy kartografiya materiallarini ko‘paytirish uchun ruxsatnoma olish tartib-taomilni buzganlik uchun BHMning 150 baravarigacha jarima qo‘llaniladi.
 
Undan tashqari, kartografiya materiallarini nashr qilish yoki tarqatish, geodeziya ma’lumotlarini berish uchun ruxsatnoma olish taomilini buzganlik, Kadastr agentligiga yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar bergan shaxslar uchun ham jarimalar belgilangan.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan